QISHLOQ AYOLIGA EHTIROM — MEHNAT VA FIDOYILIKKA YUKSAK E’TIBOR!
⚡️15-oktabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida fidokorona mehnat qilayotgan xotin-qizlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatishga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
🟢So‘nggi yillarda mamlakatimizda Xalqaro qishloq ayollari kuni keng nishonlanib, agrar soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, o‘zining mehnatsevarligi, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan xotin-qizlarning faoliyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
🟢Joriy yilning 15-oktabr kuni Toshkent viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi hamkorligida “Qishloq ayoliga ehtirom” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
🟢Tadbirda qishloq joylarda mehnat qilayotgan xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
🟢Quvonarlisi, mazkur tadbir doirasida O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tizimida Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar fidoyi xotin-qizga sihatgohlarda dam olish va sog‘lig‘ini tiklashlari uchun bepul yo‘llanmalar taqdim etildi.
🟢Ushbu e’tibor ayollarning ko‘p yillik samarali mehnatini qadrlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, salomatligini mustahkamlash hamda mehnat faoliyatiga bo‘lgan rag‘batini yanada oshirishga xizmat qiladi.
🟢Zero, qishloq ayollarining fidokorona mehnati, matonati va tashabbuskorligi yurtimiz taraqqiyoti, oilalar farovonligi hamda jamiyatimiz ravnaqida muhim o‘rin tutadi.
🟢O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bundan buyon ham mehnatkash xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda munosib rag‘batlantirishga qaratilgan ishlarga alohida e’tibor qaratadi.
