Yangilik

“Agroinnovatsiya va yoshlar”: yosh tadqiqotchilarning innovatsion g‘oyalari e’tirof etildi

🌱 O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi hamda O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi hamkorligida vazirlik tizimidagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarining yosh tadqiqotchilari hamda doktorantlari o‘rtasida “Agroinnovatsiya va yoshlar” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.

🔬 Tanlovda vazirlik tizimidagi 6 ta oliy ta’lim muassasasi va 21 ta ilmiy-tadqiqot institutidan shakllantirilgan 20 ta jamoa ishtirok etdi. Unda 35 yoshgacha bo‘lgan 60 nafar yosh doktorant va tadqiqotchi o‘z ilmiy ishlanmalari, yangi g‘oyalari va amaliy takliflarini taqdim etdi.

💡 Ishtirokchilar o‘rtasidagi bellashuv yoshlarning ilmiy salohiyati, izlanishlari va agrar sohani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini namoyon etish uchun muhim maydon bo‘ldi.

🥇Tanlov yakunlariga ko‘ra, Toshkent davlat agrar universitetining “Agro yangi avlod” jamoasi “Tomchi oy” loyihasi bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Jamoa vakillari birinchi darajali diplom va xorijiy sayohat yo‘llanmasi bilan taqdirlandi.

🥈Ikkinchi o‘rin Tuproqshunoslik va agrokimyoviy ilmiy-tadqiqot institutining “Tuproqshunoslar” jamoasiga nasib etdi. Jamoa ikkinchi darajali diplom hamda Yevropa mamlakatlarida ilmiy tadqiqot olib borish va stajirovka o‘tash uchun yo‘llanma sertifikati bilan taqdirlandi.

🥉Uchinchi o‘rin Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining “Bog‘bonlar” jamoasiga nasib etdi. Jamoaga uchinchi darajali diplom hamda Osiyo mamlakatlarida ilmiy tadqiqot olib borish va stajirovka o‘tash uchun yo‘llanma sertifikati topshirildi.

✅ Tanlovning ahamiyati, avvalo, yoshlarning ilmiy izlanishlariga keng yo‘l ochish, ularning g‘oyalarini amaliyot bilan bog‘lash va yangi avlod tadqiqotchilarini rag‘batlantirishda namoyon bo‘ladi.