O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yagona oziq-ovqat tizimini shakllantirish tashabbusini ilgari surdi
O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining agrar salohiyatini birlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim tashabbus ilgari surildi.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tashkil etilgan 2026-yilgi Jahon oziq-ovqat forumida Markaziy Osiyo mamlakatlarini yagona oziq-ovqat tizimi doirasida birlashtirishga qaratilgan taklifni taqdim etdi.
Mazkur tashabbus haqida 17-oktabr kuni Kaliforniya universiteti huzuridagi AMENA Center platformasida ham ma’lumot berildi.
“7D” tamoyili — mintaqaviy hamkorlikning yangi yondashuvi
Tashabbus qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, sog‘lom ovqatlanish, investitsiya va logistika yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lagan holda yagona mintaqaviy oziq-ovqat tizimini shakllantirishni nazarda tutadi.
Uning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo davlatlarining mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va iste’molchilarga yetkazib berish jarayonlarini takomillashtirishdan iborat.
Taklif “7D” deb nomlangan yettita muhim tamoyilga asoslangan bo‘lib, ular ishonchli ma’lumotlardan foydalanish, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, tizimli rejalashtirish, amaliy yechimlarni joriy etish, intizom, barqarorlik va inson qadr-qimmatini ustuvor qo‘yishni qamrab oladi.
Ilm-fan, innovatsiya va amaliy hamkorlik
Tashabbus doirasida mintaqaviy oziq-ovqat ma’lumotlari markazini tashkil etish, olimlar va fermerlar hamkorligida innovatsion texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish maydonchalarini yaratish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish va saqlash infratuzilmasini takomillashtirish taklif etilmoqdaUshbu yo‘nalishlar agrar sohada zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
Agrar soha rivoji va mehnatkashlar manfaatlari
Mazkur tashabbusning amalga oshirilishi qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida iqtisodiy faollikni oshirish, yangi investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish va qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun qo‘shimcha sharoit yaratishi mumkin.
Shuningdek, agrar tarmoqdagi hamkorlikning rivojlanishi mehnat munosabatlarini takomillashtirish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish va xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish masalalarining dolzarbligini yanada oshiradi.
🌟O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi uchun ham agrar sohaning barqaror rivojlanishi, mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash ustuvor ahamiyatga ega.
Umuman, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, agrar sohadagi ilmiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda mintaqaning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
